Xorazm viloyati, Urganch shaxar P.Maxmud ko'chasi, 162-uy

blog

Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Kasbiy ta’lim sohasida institutsional yaxlitlikni ta’minlash va boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish, xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish hamda ichki va tashqi mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlash tizimini isloh qilish maqsadida:
1. Kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
kasbiy ta’lim tashkilotlari turlarini maqbullashtirish hamda kasbiy ta’limning barcha darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan yagona ko‘p tarmoqli o‘quv muassasalari tizimini joriy qilish;
kasbiy ta’lim tashkilotlarining akademik mustaqilligini ta’minlash hamda ularning iqtisodiyot tarmoqlari talablariga mos kadrlar tayyorlash imkoniyatini kengaytirish;
kasbiy ta’lim sohasida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish, o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash jarayonlariga manfaatdor vazirlik va idoralarni keng jalb qilish, ularning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorligini kuchaytirish;
kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish, o‘qitish yakuni bo‘yicha beriladigan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning xorijiy davlatlarda tan olinishini ta’minlash;
kasbiy ta’lim tashkilotlarida o‘quv jarayonlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, kasbiy ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan maxsus elektron platformani joriy qilish;
kasbiy ta’lim tashkilotlarini zarur o‘quv adabiyotlari, uslubiy qo‘llanmalar va raqamli kontentlar bilan ta’minlash, ularning laboratoriya va ustaxonalarini eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlash;
kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ko‘nikma va kompetensiyalarini baholash tizimini tubdan yangilash, ushbu jarayonda ish beruvchilar vakillari faol ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.
2. “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining kasbiy ta’lim tashkilotlarining amaldagi turlarini maqbullashtirish hamda kasbiy ta’limning barcha darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘ini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilansinki, texnikumlarda:
kadrlar tayyorlash Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi va O‘zbekiston milliy malaka tizimi talablariga mos ravishda tashkil etiladi;
boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi, shuningdek, malaka va kompetensiyalar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi;
boshlang‘ich kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining 9-sinfini tamomlagan o‘quvchilar uchun — davlat granti asosida, kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan boshqa talabgorlar uchun — to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi;
turli darajadagi kasbiy ta’lim dasturlarining o‘zaro muvofiqligi va uzviyligi ta’minlanadi hamda ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish muddatlari o‘quvchi tomonidan oldin o‘zlashtirilgan modullardan kelib chiqib belgilanadi;
o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarining bitiruvchilariga o‘zlashtirgan modullari, to‘plagan kreditlari va oliy ta’lim tashkiloti tomonidan belgilangan ballar o‘rtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning tegishli bosqichidan o‘qishni davom ettirishga ruxsat etiladi;
zarur metodik va pedagogik ta’minot, o‘quv va laboratoriya xonalari, ustaxona jihozlari, amaliyot bazalari hamda ish beruvchilarning buyurtmalari mavjud bo‘lgan taqdirda, oldin o‘qitish yo‘lga qo‘yilmagan ta’lim darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishga ruxsat etiladi.
3. Quyidagilar:
2025-yil 1-yanvardan boshlab negizida texnikumlar tashkil etiladigan kasbiy ta’lim tashkilotlari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
Texnikumlar faoliyatini moliyalashtirish tartibi 2-ilovaga muvofiq;
Negizida maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari tashkil etiladigan kasbiy ta’lim tashkilotlari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Mazkur Farmonning 1-ilovasida ko‘rsatilgan oliy ta’lim muassasalari zimmasiga ularga biriktirilgan texnikumlarga o‘quv-uslubiy yordam ko‘rsatish, ta’lim sifatini oshirish hamda ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash vazifalari yuklansin.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (X. Umarova) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov) bilan birgalikda mazkur Farmonning 3-ilovasida ko‘rsatilgan kasbiy ta’lim tashkilotlarining o‘quvchilariga amaldagi ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishini yakunlashi uchun zarur sharoit yaratsin.
4. Kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi (A. Aripov) 2025-yil 1-sentabrga qadar ta’lim va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash maqsadida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalarini 4-ilovaga muvofiq kadrlar buyurtmachisi va sanoat hamkori sifatida texnikumlarga biriktirsin.
Belgilansinki:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari zimmasiga texnikumlarni rivojlantirish uchun zarur moliyaviy resurslarni yo‘naltirish, xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish, o‘quvchilar uchun amaliyot bazalarini tashkil etish, dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash, rahbar va pedagog kadrlarni moddiy rag‘batlantirish hamda ularning stajirovkasini tashkil etish vazifalari yuklanadi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalariga mazkur Farmon bilan ular zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun budjetdan tashqari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘larni 5-ilovadagi xarajatlarga yo‘naltirish huquqi beriladi.
5. Belgilab qo‘yilsinki, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab texnikumlarga:
ta’lim dasturlari doirasida ishlab chiqilgan ishchi o‘quv rejasi va dasturlarini qayta ko‘rib chiqishga, shu jumladan, buyurtmachilarning takliflariga muvofiq fanlarni bir-biriga integratsiya qilishga hamda ajratilgan soatlar doirasida mutaxassislik va umumkasbiy fan (modul)larning soatlarini 30 foizgacha o‘zgartirishga;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda yetakchi xorijiy ta’lim tashkilotlari ishtirokida to‘lov-kontrakt asosidagi qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilishga;
mahalliy va xorijiy ish beruvchilar bilan to‘lov-kontrakt asosida kadrlar tayyorlash va qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga, ushbu dastur va kurslarning ta’lim tili va o‘qitish qiymatini mustaqil belgilashga;
Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan turli yoshdagi fuqarolar va ishsizlarni kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil qilishga;
kasbiy ko‘nikmalar markazlaridan amaliyot bazalari sifatida bepul foydalanishga ruxsat beriladi.
6. Texnikumlarda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashning shunday tartibi joriy etilsinki, unga muvofiq:
a) texnikumlarga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari har yili 1-martga qadar tasdiqlanadi. Bunda:
texnikumlarda o‘tkaziladigan kirish imtihonlari shakli 4-ilovadagi kadrlar buyurtmachilari va sanoat hamkorlari bilan kelishgan holda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi;
dual ta’lim shaklida o‘quvchilarni qabul qilish ish beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladi;
b) 2025-yil 1-yanvardan boshlab:
kasbiy ta’lim dasturlari kasbiy standartlar asosida ishlab chiqiladi hamda kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari, tadbirkorlik subyektlari birlashmalari, yirik ish beruvchilar va uyushmalar bilan kelishilganidan so‘ng amaliyotga kiritiladi;
bitiruvchilarni yakuniy baholash soha ekspertlari, kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari, baholash tashkilotlari, ish beruvchilar, uyushmalar va tadbirkorlik subyektlari birlashmalari vakillari ishtirokida demonstratsion imtihonlar shaklida amalga oshiriladi;
kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilariga davlat namunasidagi hujjatlarni berishning yagona tartibi joriy etiladi. Bunda kasbiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirgan shaxslarga — diplomlar, qisqa muddatli kurslar bitiruvchilariga — o‘qigan moduliga qarab tegishincha kompetensiyani (malakani) egallaganlik to‘g‘risidagi sertifikatlar beriladi;
v) 2026-yil 1-yanvardan boshlab o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan talab Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Kasbiy ta’lim” platformasi orqali shakllantiriladi.
7. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov) Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda 2025-yil 1-sentabrga qadar:
“Kasbiy ta’lim” platformasini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy qilsin hamda uning “Elektron hukumat” tizimi bilan integratsiyasini ta’minlasin;
barcha yuridik va jismoniy shaxslarga “Kasbiy ta’lim” platformasidan ochiq va bepul foydalanish imkoniyatini yaratsin.
8. Quyidagilar:
“Kasbiy ta’lim” platformasining faoliyat yuritish tartibi 6-ilovaga muvofiq;
“Kasbiy ta’lim” platformasi orqali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni shakllantirish tartibi 6.1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari “Kasbiy ta’lim” platformasiga zarur ma’lumotlarni to‘liq va o‘z vaqtida kiritish bo‘yicha shaxsiy javobgar etib belgilansin.
9. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisining 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab 7-ilovadagi texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilansinki:
7-ilovadagi texnikumlarga to‘liq akademik mustaqillik beriladi va ularning faoliyati 8-ilovadagi tartibga muvofiq tashkil etiladi;
7-ilovadagi texnikumlarda 9-ilovaga muvofiq kvalifikatsiyalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;
xalqaro ta’lim dasturlari asosida ta’lim olgan va imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan o‘quvchilarga xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha diplom (sertifikat) hamda kasbiy ta’lim to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom beriladi;
7-ilovadagi texnikumlarni saqlash xarajatlari Davlat budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish bo‘yicha xorijiy tashkilotni eng maqbul takliflarni tanlab olish yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida jalb qilishga ruxsat beriladi.
10. Kasbiy ta’lim tizimida zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish va texnikumlar rahbar kadrlarini tanlash hamda tayinlash jarayonlari shaffofligini ta’minlash maqsadida:
a) kasbiy ta’lim tizimida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha mas’ul organ etib Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi belgilansin;
b) mazkur Farmonning 1-ilovasidagi texnikumlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tasarrufiga o‘tkazilsin.
Bunda texnikumlarning yer uchastkalari, bino va inshootlari hamda boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini boshqa korxona va tashkilotlarga o‘tkazish faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjati asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin;
v) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda davlat texnikumlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash vakolati berilsin;
g) 2025-yil 1-yanvardan boshlab texnikumlarning direktor va direktor o‘rinbosari lavozimlariga talabgorlarni ochiq tanlov asosida tanlash tartibi joriy qilinsin. Bunda, belgilab qo‘yilsinki:
tanlov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining maxsus elektron platformasi orqali amalga oshiriladi;
tanlov o‘tkazishga tegishli iqtisodiyot tarmoqlari va ish beruvchilar vakillari jalb etilishi mumkin;
direktor va direktor o‘rinbosarlari bilan ular tomonidan taqdim etilgan strategik rejaga asosan uch yillik mehnat shartnomasi tuziladi;
muddati tugagandan so‘ng direktor va direktor o‘rinbosarlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi strategik rejada belgilangan vazifalarning bajarilganligiga qarab, kelgusi uch yilga uzaytirilishi mumkin.
11. O‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Kasbiy ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilsin.
Kasbiy ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish manbalari va ularni sarflashning asosiy yo‘nalishlari 10-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Jamg‘armani boshlang‘ich moliyaviy mablag‘lar bilan ta’minlash maqsadida:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (O. Fozilkarimov) 2025-yil 1-aprelga qadar Davlat budjetidan 50 milliard so‘m miqdordagi mablag‘larni;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov) 2025-yil 1-sentabrga qadar Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larining O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga taqsimlanadigan qismidan 50 milliard so‘m miqdordagi mablag‘larni Jamg‘armaga yo‘naltirsin.
13. 2025 — 2027-yillarda kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 12-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
15. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov):
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-iyulga qadar 2026 — 2030-yillarda kasbiy ta’lim tizimining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish dasturini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 16-oktabr,
PF-158-son

Manzil

  • Xorazm viloyati, Urganch shaxar P.Maxmud ko'chasi, 162-uy
  • +998 (98) 577-30-16
  • texnikumxr@umail.uz
  • Ish vaqti: 9:00 - 18:00
«    Июнь 2025    »
ПнВтСрЧтПтСбВс
 1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
30 

Yil dasturi

Texnikum manzili